Polsha Respublikasining Ignacy Mościcki University of Applied Sciences in Ciechanów (PANSIM) universitetida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti delegatsiyasining rasmiy tashrifi doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida Hamkorlik Memorandumi (MoU) imzolandi.
Muzokaralar davomida veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi va amaliy fanlar yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, xalqaro grantlar, akademik mobillik hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Imzolangan memorandum quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvi;
- qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar;
- akademik mobillik va qo‘shma ta’lim dasturlari;
- xalqaro konferensiyalar, seminarlar va treninglar;
- yozgi va qishki maktablar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish.
Mazkur memorandum universitetimizning xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, ta’lim va ilm-fan sifatini yuksaltirish hamda xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.