Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” shiori ostida “BITIRUVCHI–2026” ma'naviy-ma'rifiy tadbiri tantanali ruhda tashkil etildi.
Mazkur tadbir bitiruvchi yoshlarni hayotning navbatdagi muhim bosqichiga kuzatish, ularda Vatanga sadoqat, yurt ravnaqi uchun fidoyilik bilan mehnat qilish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.


Tadbirda universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo'mitasi Boshqarma boshlig'i Alisher Safarov, Oliy talim fan va innovatsiyalar vazirligi Boshqarma boshlig'i Farxod Axrorov, Navobod naslli parranda f.x rahbari, viloyat tadbirkorlar kengashi raisi Haydar O‘roqov hamda professor-o‘qituvchilar, faxriy ustozlar, bitiruvchi talabalar, ularning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e'tibor, ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash borasida universitet jamoasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdilar.

.jpg)
Bayram tadbiri davomida sportning stol tennisi, shaxmat, arqon tortish turlaridan musobaqalar, “Zakovat” intellektual o‘yini, "Kitobxon talaba" hamda rasmlar tanlovi o‘tkazilib, yoshlar kuni doirasida o‘tkazilgan tanlov va musobaqalar g‘oliblari, turli nominarsiyalar bo‘yicha g‘oliblar shuningdek faol va lider bitiruvchilar Qo‘mita raisining tashakkurnomasi va universitet rahbariyatining tashakkurnomasi va maxsus sobg‘alar bilan taqdirlandi.


Tadbir davomida bitiruvchilarning yillar davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari, ustozlarning fidokorona mehnati hamda ota-onalarning cheksiz ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi alohida e’tirof etildi. Diplomlarni qabul qilib olgan yoshlar qalbida faxr, quvonch va kelajakka bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlandi.


Ta’kidlash joizki, joriy yilda 1285 nafar talaba universitetni muvaffaqiyatli tamomlab, hayotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Shundan 10 nafar bitiruvchi imtiyozli diplomga, 63 nafar magistratura bitiruvchisi esa magistrlik darajasiga sazovor bo‘ldi.

Tadbir davomida o‘zining sho‘x va diltortar qo‘shiqlari bilan yoshlar qalbidan joy olgan sana’tkor Jasurbek Mavlonov hamda universitet iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar bitiruv oqshomiga yana ko‘tarinki ruh baxishladi.
Ushbu unutilmas kun bitiruvchilarning yillar davomida orttirgan bilim va mehnati samarasini namoyon etib, ularning kelajak sari dadil qadam tashlashiga zamin yaratdi.