Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining bakalavriat bosqichi 60510100 – Biologiya (turlar bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishi (kunduzgi va kechki ta’lim shakllari) hamda magistratura bosqichi 70510105 – Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (biologiya) mutaxassisligi (kunduzgi ta’lim shakli) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan o‘tkazilgan maxsus davlat akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tdi va belgilangan talab hamda mezonlarga to‘liq muvofiq deb topildi.




Mazkur natija universitetda ushbu ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash uchun yetarli ilmiy-pedagogik salohiyat, malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi, zamonaviy laboratoriyalar, o‘quv-uslubiy ta’minot va moddiy-texnik baza shakllanganligini tasdiqlaydi.

Akkreditatsiya jarayonida ta’lim dasturlarining mazmuni, o‘quv rejalari, professor-o‘qituvchilar salohiyati, ilmiy-tadqiqot faoliyati, laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlar bazasi, talabalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ta’lim sifatini ta’minlash mexanizmlari mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan atroflicha o‘rganildi.

Maxsus davlat akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tish universitetning ta’lim sifatini ta’minlash borasidagi faoliyati e’tirof etilganini, shuningdek, mazkur ta’lim dasturlari bo‘yicha bitiruvchilarga zamon talablari darajasida sifatli ta’lim berish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda universitetda ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini ta’minlash, xalqaro tajribalarni joriy etish hamda mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Yangi akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari esa ushbu sa’y-harakatlarning amaliy natijasi hisoblanadi.