“RAHBAR STIPENDIYASI” TANLOVI G‘OLBLARI TAQDIRLANDI



   SamDVMCHBU va “Navobod Naslli Parranda” fermer xo‘jaligi o‘rtasida 2025/2026-o‘quv yilida “Rahbar stipendiyasi” joriy etilgan. “Veterinariya meditsinasi”, “Zooinjeneriya” va “Agrotexnologiya” yo‘nalishlaridagi talabalar tanlovda g‘olib chiqdi. Tadbirda g‘oliblarga guvohnomalar topshirilgan. Asosiy maqsad — iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlab, sohaga yetuk mutaxassislarni tayyorlash.

   SamDVMCHBU hamda “Navobod Naslli Parranda” fermer xo‘jaligi o‘rtasida 2025-yil 31-oktyabrda imzolangan hamkorlik memorandumining 3.6-bandiga asosan 2025 – 2026-o‘quv yilida universitet talabalari uchun “Navobod Naslli Parranda” fermer xo‘jaligi tomonidan “Rahbar stipendiyasi” joriy qilingan.


 “Veterinariya meditsinasi” yo‘nalishi bo‘yicha D.Farxodov va A.Ahrorov, “Zooinjeneriya” yo‘nalishi bo‘yicha M.Kodirova va Z.Pardayeva, “Agrotexnologiya” yo‘nalishi bo‘yicha S.Turdiyev va O.Zafarovlar 2025/2026-o‘quv yili uchun “Rahbar stipendiyasi” tanlovining universitet va yakuniy suhbat bosqichi g‘oliblari, deb topilgan. 

   Bugungi “Navobod Naslli Parranda” fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda universitet rektori, professor X.Yunusov va xo‘jalik rahbari X. O‘roqovlar an’anaviy ta’lim shaklida o‘quvchi-talaba oliy yoki professional ta’lim muassasasida asosiy e’tibor nazariyaga qaratilib, amaliyotga kam vaqt ajratilganligi, bu esa tabiiyki, amaliy kadrlar muammosini tug‘dirganini, shu bois, dunyo davlatlarining ta’lim tizimi o‘rganilib, zamonaviy texnologiyalar va dastgohlarda o‘qish bilan bir vaqtda korxona, tashkilotlarda ish faoliyatini olib borish imkoniyatini beruvchi dual ta’lim shakli milliy ta’lim tizimiga kiritilganligini ta’kidlab, “Navobod Naslli Parranda” fermer xo‘jaligi hamda universitet o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan dual ta’lim shakli qanchalik samara berayotganini ta’kidlab, maxsus guvohnomalarni g‘olib talabalarga topshirib, ularga keyingi o‘qish va ishlarida omadlar tiladi.

    Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — iqtidorli, tashabbuskor va ilmiy salohiyatga ega talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish hamda soha uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlashdan iboratdir.