SamDVMCHBU faollar zalida Biologiya fanlari nomzodi, dotsent Dusmurat Eshimov tavalludining 80 yilligiga bag'ishlab, shu mavzuda xalqaro Ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyani kirish so‘zi bilan ochib bergan universitet rektori, professor X.Yunusov Dusmurat Eshimov veterinariya ilmida o‘quv sohasida hayvonlar fiziologiyasi, hayvonlar patologik fiziologiya fanlardan texnikumlar uchun alohida, oliy ta’lim uchun alohida o‘quv dasturlarini yaratgan mohir pedagog olim ekanligi, uning o‘qitish uslubida talabalarni kasbga yo‘nalitirish, qiziqtirish, amaliyot bilan bog‘liq mutaxassislik fanlarining asosi bo‘lgan fiziologiya, patologik fiziologiyaning murakkab jihatlarini oddiy va ravon o‘qilishiga e’tibor berganligini ta’kidlab, D.Eshimov 250 dan ortiq o‘quv-uslubiy va ilmiy-uslubiy ishlar muallifi ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
D.Eshimov pedagog olim sifatida butun kuch-g‘ayrat va bilimini yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida Prezidentimiz olib borayotgan bugungi siyosatiga mos ravishda yosh avlodni vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga, shuningdek veterinariya va chorvachilik sohalari uchun raqobatbardosh hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga safarbar etib kelayotganligini e’tirof etib, ustozni qutlig‘ 80 yoshni qarshilayotgani bilab samimiy muborakbod etdi.
Konferensiya davomida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Boshqarma boshlig‘i A. Safarov, shuningdek, Polsha, Pokiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarining nufuzli olimlari, universitet professor-o‘qituvchilari va boshqa mehmonlar “Hayvonlar fiziologiyasi, biokimyosi, patologik fiziologiyasining veterinariya va chorvachilikni rivojlantirishdagi ahamiyati hamda istiqboldagi rejalari” mavzusi doirasi o‘z fikrlarini bildirish barobarida dotsent D.Yeshimovning bosib o‘tgan mazmunli umr yo‘li va veterinariya sohasi rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlarini e’tirof etishdi.
Dusmurat Eshimovning hayoti – qat’iyat, mehnatsevarlik va fidoyilikning yorqin namunasi ekanligi, o‘qituvchilik faoliyatida D.Eshimov talabchanligi, lekin bir vaqtning o‘zida mehribonligi bilan ajralib turishi, uning darslari chuqur mazmuni, hayotiy misollari va amaliy yondashuvi bilan talabalar qalbida iz qoldirganligini ta’kidlab, ustoz auditoriyada nafaqat bilim berish, balki yosh avlod qalbida kasbga muhabbat, Vatanga sadoqat, insoniylik va halollik tuyg‘ularini ham tarbiyalashga e’tibor qaratib kelayotganligini aytib o‘tishdi.
Aytish joizki, olim sifatida D.Eshimov veterinariya sohasini chuqur o‘rgangan, ilmiy natijalarini nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof ettira olgan. Ustoz yetishtirgan shogirdlar bugun ilmiy izlanishlarni davom ettirib, soha taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.