SamDVMCHBUda Savdo-sanoat palatasi Samarqand hududiy boshqarmasi vakillari bilan tadbirkorligini rivojlantirish va tadbirkorlik istagida bo‘lgan talaba-yoshlar bilan shu mavzu doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastlab mehmonlar universitetimiz professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan yaratilgan ilmiy va startap loyihalar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Shundan so‘ng tadbir universitet faollar zalida davom etib, tadbirni ochib bergan universitet rektori, professor X. Yunusov hozirgi kunda mamlakatimizda yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, ularning kichik biznesga kirib kelishdagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, boshlang‘ich kapital manbalaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash tizimini kengaytirish va uning samaradorligini oshirish sohasida yirik islohotlar amalga oshirilayotganini aytib o‘tdi.
Shuningdek, yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarning munosib daromad olishi uchun ularga sharoit yaratib berish, «Yoshlar daftari»dagi yoshlar uchun ajratib berilgan kreditlardan to‘g‘ri foydalana olishlari, mustaqil ravishda tadbirkor bo‘lib, oyoqqa turishlarida amaliy ko‘mak berish masalalari alohida ta’kidlanganini aytib o‘tdi.
Savdo Sanoat Palatasi Samarqand hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Xotin-qizlar va Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i H.Mahkamova esa yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida O‘zbekistonda yaratilgan mexanizmni boshqarish, sarflanayotgan mikrokreditlarni to‘g‘ri yo‘naltirish, biznes-loyihalar samarasini oldindan ko‘ra bilish borasida tijorat banklarining roli, yosh tadbirkorlarga yaratilayotgan imtiyozlar, ajratilayotgan kreditlarning imkoniyatlari va talablari, yoshlarni ish bilan ta’minlovchi boshqa jabhalar to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib, muloqot davomida yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yuritish uchun klaster taqdim etayotgan imkoniyatlar, kichik biznes yuritayotgan yoshlarning imtiyozlari, bu borada ularga amaliy ko‘mak beruvchi loyihalar xususida to‘liq ma’lumot berdi.
Shuningdek, tadbirda Urgut tumanida o‘z faoliyatini namunali tashkil etib, ko‘plab fuqarolarni ish bilan taminlab kelayotgan yosh tadbirkor, “URGUTINI TEXTIL” eksporter korxonasi rahbari Fazliddin Salomov, universitet iqtidorli talabalarining ichidan ham o‘z biznes g‘oyalariga ega, taraqqiyotimizga o‘z ixtirolari bilan munosib hissa qo‘shayotgan universitet magistranti Moxigul Xushnazarova, veterinariya sohasida qator izlanishlar olib borayotgan yosh olim Veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Sevara Haydarova hamda “Sam Eko Kosmetiks” MCHJ rahbari Mahmudjon Abduvoitovlar so‘zga chiqib, mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.