“CHORVACHILIKDA INNOVATSION TEXNOLOGIYALAR, MUAMMOLAR VA RIVOJLANTIRISH ISTIQBOLLARI”




Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

    Konferensiyada chorvachilikda olib borilayotgan zamonaviy tadqiqotlarni bir joyga jamlash, ilg‘or tajribalarni almashish, shuningdek, sohani barqaror rivojlantirish haqida so‘z yuritildi. Yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar, yosh olimlar, magistrantlar va talaba-yoshlar faol ishtirok etishdi.

    Konferensiya doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor Xudoynazar Yunusov, Osh davlat universiteti professori Abdugani Abdurasulov, Jangir xan nomidagi G‘arbiy-Qozog‘iston agrar-texnik universitetidan A.Bulekova, Rossiya fanlar akademiyasi akademigi, K.A.Timiryazev nomidagi MQXA-Rossiya davlat agrar universiteti professori Yusupjan Yuldashbaev, Kırşehir Ahi Evren Üniversiteti doktori, (Turkiya) Koray Kirikchi, SamDVMCHBU professori Dustmuxammad Xolmirzayev kabi etuk olimlar chorvachilik sohasining ekologik, iqtisodiy va ilmiy-texnika asoslarini mustahkamlash, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish kabi dolzarb mavzular yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

    Mazkur ilmiy-amaliy anjuman uchun ko‘plab ilmiy maqolalar taqdim etildi. Ular orasida hayvonlar seleksiyasi, naslchilik, oziqlantirish texnologiyalari, veterinariya-profilaktika tadbirlari, chorvachilikda ekologik yondashuvlar, genetik tahlil metodlari hamda biotexnologik yangiliklar kabi turli yo‘nalishlar qamrab olingan bo‘lib, ular sohaga oid fundamental va amaliy-ilmiy izlanishlarning samarali natijalarini aks ettiradi.

    Konferensiyaning xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rni ham alohida e’tiborga molik. Jumladan, SamDVMCHBU professori Soli Bazarovning “O‘zbekistonda qorako‘lchilikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari”, Toshkent davlat agrar universiteti professori Dosmuxamedovaning «Chorvachilikda seleksiya-naslchilik ishlari va fermer xo‘jaliklarida naslchilik hisob-kitob ishlarini yuritish” mavzulardagi ma’ruzalarini ishtirokchilar yuqori baholadi. 

     Mazkur anjuman respublikamizda chorvachilik sohasini innovatsion asosda rivojlantirishda navbatdagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.