Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Hayvonlarda reproduktiv tizim kasalliklarini davolash va oldini olishdagi ilm-fan yutuqlari va istiqboldagi vazifalar” mavzusida Xalqaro ilmiy amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Respublikamiz Prezidentining qator farmonlari va qarorlari asosida Respublikamizda chorvachilikni jadal rivojlantirish, choravchilik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish va sifatini yaxshilashga erishishga katta e’tibor berilmoqda. Yuqori mahsuldor sigirlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri ularda reproduktiv tizim kasalliklarining ko‘p qayd etilishi hisoblanib, bu kasalliklar orasida sigirlarda homila yo‘ldoshini ushlanib qolishi kasalligi salmoqli o‘rinni egallaydi.
Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va sifatini oshirish, ularning tannarxini kamaytirish hamda turli mulkchilik shaklidagi chorvachilik xo‘jaliklarining raqobatbardoshligini ta’minlash iqtisodiyotning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi, - dedi konferensiyada ishtirok etgan SamDVMCHBU rektori, professor X.Yunusov. - Bu tadbirlarning muhim zvenolaridan biri ona hayvonlarning reproduktiv potensialidan maksimal darajada foydalanish, ularning irsiy, mahsuldorlik va ko‘payish xususiyatlarini oshirish hisoblanadi. Yirik shoxli hayvonlarda ko‘payish darajasini va mahsuldorlikni optimal darajada bo‘lishini hayvonlarning ko‘payish organlari va boshqa tizimlar faoliyatining me’yorida bo‘lishi ta’minlaydi. Xo‘jaliklarda qoramollarni ko‘paytirishning holati tahlil qilinganda sigirlarda reproduktiv funksiyalarning buzilish sabablari ko‘pincha akusher–ginekologik kasalliklar bo‘lib, bu patologiyalar orasida tuxumdonlarning kasalliklari, endometritlar va bachadonning subinvolyusiyasi kabi kasalliklar asosiy o‘rinni egallab, pushtdorlikni va mahsuldorlikni kamayishi hamda yuqori mahsuldor sigirlarni barvaqt podadan chiqarilishi hisobiga katta iqtisodiy zararga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, konferensiyada ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i S. Mavlonov, Qirg‘iz-Turk-Manas universiteti professori Ali Rishvoniy, Osh davlat universiteti professori Abdug‘ani Abdurasulov va boshqalar mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, konferensiya ishiga omadlar tiladi.
Konferensiya davomida Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti dotsenti Ilga Shematovich “Embrion transplantatsiyasining zamonaviy metodlari”, Osh davlat universiteti professori A.Abdurasulov “BBQZ gonadotromini va sufagonning sigirlarning ko‘payish funksiyasiga ta’siri”, SamDVMCHBU doktoranti J.Yulchiyev “Tumors of genital organs of female dogs” mavzularida daqtimotlar qilishdi.
Konferensiya “Hayvonlarda reproduktiv tizim kasalliklarini davolash va oldini olishdagi dolzarb muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari” va “Hayvonlarda jinsiy tizim funksiyasini stimullash usul va vositalarini yaratish bo‘yicha ilm-fan yutuqlari” shoʻbalariga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi.