Bugungi tobora globallashayotgan zamonda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlar natijasi ta’lim sohasiga, qolaversa yangi zamonaviy kadrlarni yetishtirish masalasiga bevosita bog‘liq. Barcha sohalarni faqat yangi bilimlarga ega bo‘lgan yoshlar rivojlantirishi mumkin, qolaversa, “Uchinchi renessans” poydevorini mustahkamlashda bizga zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yosh kadrlar kerak. Xukumatimiz tomonidan oliy ta’lim sohasidagi dastlabki islohotlar, avvalo, qamrovni oshirish, institut va universitetlarning moliyaviy holatini yaxshilash, professor-o‘qituvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Yaqin bir necha yil ichida oliy ta’lim sohasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berganini tan olish lozim. Oliy ta’lim muassasalarining ichki va tashqi qiyofasi o‘zgarib, moddiy-texnika bazasi yaxshilanyapti, ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilgan, qolaversa, professor-o‘qituvchilarning daromadlari ham ortyapti. Chinakam ilmiy ish qilmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun bugun barcha sharoitlar va imkoniyatlar mavjud. Bunday e’tibor oliy ta’limga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirib, uning sifati hamda darajasini ko‘tarishga xizmat qilishi aniq. Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti veterinariya, chorvachilik va biotexnologiyalar sohasi uchun mutaxassislari tayyorlaydigan mamlakatimizdagi yagona oliy ta’lim muassasasidir. Tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmagan (2018 yil) mazkur universitetda ayni kunda 6 ming nafarga yaqin talabalar tahsil olishadi. Oliygoh Yevropa, Osiyo, Amerika va boshqa mintaqalardagi 90 dan ortiq turdosh universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Odatda yil yakunlanayotgan paytda vatan taqdiriga o‘zini dahldor sanaydigan har bir kishining ko‘nglida o‘zgacha tuyg‘ular, hissiyotlar paydo bo‘lishi shubhasizdir. Tarix sahifalariga muhrlanayotgan yilda qanday ishlarni amalga oshirdik?
Rejalashtirgan ishlar bajarildimi?
Universitet, talaba – yoshlar, professor – o‘qituvchilar hayotida nima o‘zgardi?
Va hokazo...
Muhimi ana shu savollarga javob bo‘lishi kerak.
Yakunlanayotgan yilda universitetda uzoq kutilgan loyiha – Ilmiy innovatsion inkubatorga start berildi. Oliygohda ilmiy kadrlar yetishtirishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish, ilmiy izlanishlarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish, talabalar amaliyotini tashkil etish hamda to‘liq o‘z-o‘zini moliyalashtirish mexanizimini yaratish maqsadida barcha imkoniyatlarni o‘zida mujassamlashtirgan “O‘zbekistonda veterinariya, biotexnologiya va chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun ilmiy kadrlarni intensiv tayyorlash ilmiy biznes inkubatori” MEGA loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihada bugungi kunda 75 nafar kishi faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning 15 nafari fan nomzodlari, 60 nafari phd doktorlari, shuningdek mustaqil izlanuvchilar va magistr talabalar 14 tadan ortiq hayvon turlari ustida o‘z ilmiy - tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Umuman, yaxshi mutaxassisga hamma joyda talab yuqori, ish topiladi. O‘z ishining ustalariga hamma joyda ham yaxshi haq to‘lanishini yoshlarimiz anglab yetishmoqda.
Oddiy tilda aytganda, yaxshi yashash uchun ham ta’lim olish zarurligi, kuchli raqobatbardosh mutaxassis bo‘lish lozimligini bugun talabalarning o‘zlari anglab yetishmoqda.
Bu loyihadan katta maqsadlar kutilmoqda va kelayotgan yilda uning dastlabki natijalari ma’lum bo‘ladi.
O‘tayotgan yilda Samarqandda Oziq - ovqat havfsizligi bo‘yicha (7 – 8 sentabr) yirik xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda universitet professor - o‘qituvchilari ham ishtirok etishdi. Va shunda ma’lum bo‘ldiki, biz amalga oshirayotgan, mazkur mega loyiha mamlakatimiz iqtisodiyoti, qolaversa oziq ovqat havfsizligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan akademik almashuv dasturlarida universitetning 24 nafar talabalari ishtirok etishdi, tayanch doktorantlardan 7 nafari, professor-o‘qituvchilar va rahbar kadrlardan 38 nafari xorijning nufuzli universitet, institut hamda ilmiy tadqiqot institutlarida malaka oshirib yoki stajirovka o‘tab qaytishdi. Ishonamizki, ular eng ilg‘or tajribalarni o‘zimizda amalga oshirishimizga ko‘mak berishadi. Shuningdek, Universitetda iqtidorli talabalar tomonidan 15 ta innovatsion hamda startap loyihalar shakllantirildi hamda respublika tanlovlariga tavsiya etildi.
Joriy yilda 5 nafar iqtidorli talaba – yoshlarimiz davlatimizning nomdor stipendiyalari sohiblari bo‘lishdi.
Bir so‘z bilan aytganda, rejalashtirgan ishlarimizni bosqichma - bosqich amalga oshirib kelmoqdamiz – muhimi, buning uchun jamoamizda istak va hoxish, shuningdek imkoniyatlar ham yetarlidir.
Zamonaviy hayotni bugun ilm-ma’rifat va ta’limning taraqqiyotisiz tasavvur etish qiyin. Dunyoning eng ilg‘or, yetakchi davlatlarida ta’limni rivojlantirish birinchi galdagi ustivor vazifa sifatida belgilanishi ham bejiz emas. Negaki, mamlakatning kelajagi aynan shu sohada qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan chambarchas bog‘liqdir.
Kelgusi yil uchun ham rejalarimiz ko‘p.
Xudaynazar Yunusov
Biologiya fanlari doktori, professor
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador
SamDVMCHBU rektori