TALABALAR TEATR STUDIYALARI KATTA SAHNADA

Talaba-yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, ularni teatr sanʼatiga muhabbat ruhida tarbiyalash, jamiyatda uchraydigan ijtimoiy muammolar va salbiy holatlarni sahna koʻrinishlari orqali keng jamoatchilikka yetkazishda “Talabalar teatr studiyalari” koʻrik-tanlovining oʻrni katta.  

Tanlovning fakultetlararo final bosqichi ochilish marosimida soʻzga chiqqan universitet rektori, professor X. Yunusov mazkur fikrlarni bildirar ekan, inson maʼnaviy olamini yuksaltirish, ong va tafakkurini teranlashtirishda teatr sanʼatining oʻrni beqiyosligi, sanʼat odamlarni ezgulikka, yaxshilikka undashi, teatr shunchaki oddiy tomoshaxona emas, balki tarbiya, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat maskani ekanligini taʼkidlab, jamoalarga omad tiladi. 

Tanlov yuqori saviyada tashkil etilib, talabalar tomonidan sahnalashtirilgan asarlar tomoshabinlar eʼtirofiga sazovor boʻldi. Hakamlar hayʼati aʼzolarining yakuniy xulosalariga koʻra, Zoinjeneriya fakultetining “Isteʼdodli yoshlar” jamoasi tomonidan tayyorlangan, Sharof Boshbekov asari asosida sahnalashtirilgan “Eski shahar gavroshlari” nomli spektakl 1-oʻrin, Veterinariya profilaktikasi va davolash fakulteti “Yosh teatr” jamoasining Abdulhamid Choʻlpon haqida hikoya qiluvchi “Kunduzsiz tunlar” spektakli 2-oʻrin, Biotexnologiya fakultetining “Meʼros” jamoasi tomonidan tayyorlangan “Shox Bahrom” spektakli 3-oʻrinni egalladi.

Shuningdek, “Eng faol fakultet” nominatsiyasi gʻolibi - Mahsulotlarni qayta ishlash texnologiyasi va standartlashtirish fakulteti, “Eng yaxshi erkak roli uchun” nominatsiyasi gʻolibi - Iqtisodiyot fakulteti talabasi Qadamboyev Mirxonbek, “Eng yaxshi ayol roli uchun” nominatsiyasi gʻolibi – Veterinariya diagnostikasi va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti talabasi Mashhura Irgasheva, “Jamoa ijodkor talabasi” nominatsiyasi gʻolibi - Iqtisodiyot fakulteti talabasi Minhojiddin Ergashboyevlar, deb topilib, tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va estalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. 

Darhaqiqat, teatr shunchaki oddiy tomoshaxona emas, balki tarbiya, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat maskanidir. Bugungi teatrlashtirilgan tomoshalarda, talabalar tomonidan ijro etilgan rollarda ana eʼtiroflar yana bir bor oʻz isbotini topdi, deyishimiz mumkin.

LTR RTL