Joriy yilning 18-28 oktyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi vakillari va universitetning 4 nafar professor-o‘qituvchilari «Twinning program» xalqaro dasturi doirasida Minnesota universitetining Hayvonlar salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligi markazida tashkil qilingan trening kurslarda ishtirok etmoqdalar.
Trening dasturiga asosan professor-o‘qituvchilar universitetning veterinariya meditsinasi kolleji professor-o‘qituvchilarining interfaol darslariga kirib, ularning dars o‘tish uslubiyati, talabalar bilan munosabat o‘rnatish, onlayn platforma bilan ishlash, talabalar bilimini baholash va ularni fanni o‘qishga qiziqtirish borasidagi tajribalarini o‘rganmoqdalar.
Shu bilan birgalikda kollejda talabalarning bilim olishi va ilmiy-amaliy faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishmoqdalar. Jumladan, kollejning mayda hayvonlar klinikasiga tashrif buyurib, u yerda uy hayvonlariga sifatli va muntazam veterinariya yordami ko‘rsatish (vaksinatsiya, maslahat berish, turli xil jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazish, davolash va kasalliklarni oldini olish bo‘yicha hayvon egalariga maslahatlar berish) jarayonini o‘rgandilar. Klinika asosan bitiruvchi kurs talabalari bilan gavjum bo‘lib, u yerda 80 nafar professor-o‘qituvchilar va 140 nafar texnik xodimlar faoliyat olib boradi.
Shuningdek, kollej qoshida tashkil etilgan Minnesota shtatining “Hayvonlar kasalliklariga tashhis qo‘yish va oziq-ovqat xavfsizligi laboratoriyasi” faoliyati bilan tanishdilar. Laboratoriyaning mavjud barcha bo‘limlaridagi ish jarayoni, mavjud zamonaviy diagnostik jihozlar va xizmat ko‘rsatish turlari bo‘yicha laboratoriya direktori va ishchilari bilan suhbat o‘tkazdilar. Laboratoriyada jami 200 nafar professor-o‘qituvchi va texnik xodimlar ishlaydi va ular shtatdagi hayvonlar salomatligi uchun mas’uldir.
Kollejning “Oziq-ovqat bilimlari va oziqlantirish” bo‘limiga tashrif buyurib u yerda talabalar uchun tashkil etilgan o‘quv so‘yish punkti (kushxona) hamda go‘sht va sut maxsulotlarini qayta ishlash sexi faoliyati bilan tanishdilar. Kushxonaga keltirilgan hayvonni so‘yishdan oldin va keyin tekshirish, so‘yish jarayonlarini bajarish, go‘sht sifatini baholash va kategoriyalarga ajratishdan to sexda birlamchi ishlov berish, tayyor go‘sht maxsulotlari (kolbasa, sosiska) sifatida iste’molga chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarda talabalarning ishtirok etishiga guvoh bo‘ldilar. Universitining o‘zida ushbu maxsulotlarni sotish va boshqa do‘konlarga yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan.
Trening jarayonlari davom etmoqda.
Axborot xizmati
2023-11-06
2023-03-01
2023-03-17
2022-05-17