Ajdod - u avlodni allalagan til
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida 21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli!” shiori ostida tilimizning buyukligi, boyligi va betakrorligini tarannum etuvchi “Ajdod-u avlodni allalagan til” deb nomlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi. SamDVMCHBU O‘zbek, rus tillari va adabiyoti kafedrasi tomonidan tashkillashtirilgan kechada universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdilar.
Tadbirni universitet rektori, professor X.Yunusov ochib berdi va ishtirokchilarni milliy bayramimiz – O‘zbek tili davlat tili deb tan olingan kun bilan muborakbod etdi. Rektor barchani bu qutlug‘ kun bilan tabriklar ekan, universitet jamoasiga sana munosabati bilan tabrik yo‘llagan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jalik vaziri Aziz Voitov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahromjon Norqobilovlarning tabriknomalari haqida ta’kidladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga ko‘tarilayotgani barchani quvontiradi. Buning tasdig‘ini o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Tadbir mehmoni - Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat boshqarmasi boshlig‘i, filologiya fanlari doktori (DSc) Mavlon Boboxonov O‘zbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas’uliyatli vazifalar turgani xususida gapirdi. Hozirgi kunda yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘lda milliy o‘zligimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli bo‘lgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Bayram kechasi Universitet iqtidorli yoshlari va Talabalar teatr studiyasi tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar bilan yanada qiziqarli bo‘ldi.
Axborot xizmati