“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” O‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin!
O‘zbek tili – davlatchiligimiz timsoli, millatimizning ruhi, madaniy va ma’naviy mulki hamda boyligi, xalqimizning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Til millatimizning birligi va borligini ifodalaydigan ulug‘ ne’mat va o‘lmas qadriyatdir. Shu bois o‘zbek tilining mavqyeyini mustahkamlash borasida mamlakatimizda qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, tizimli ishlar olib borilmoqda.
1989-yil 21-oktyabrda istiqlol sari tashlangan dadil qadam sifatida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi tarixiy Qonunining qabul qilinishi sabab qaddi bukib kelingan tilimizning ruhiga jon kirdi. Mazkur Qonunning mustaqil davlatchiligimiz hayotiga mos keluvchi yangi tahriri 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingach, o‘zbek tilining mavqyeyi tom ma’noda tiklandi, himoyasi rasman kafolatlandi.
Tilning jamiyatda yashab qolishi, so‘z boyligining oshishi, sofligining saqlanishi shu tildan foydalanuvchilarning o‘z tillariga munosabati bilan bog‘liq bo‘lgan jarayondir. Shu bois har bir millatdoshimizdan ona tilimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, uning obro‘sini himoya qilish uchun bor imkoniyati va iqtidorini ishga solishi talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqyeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son Farmoni, 2020-yil 20-oktyabrdagi „Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi PF-6084-son Farmoni qabul qilindi. Mazkur me’yoriy hujjatlarda „o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash“ga asosiy e’tibor qaratilgan. 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida nazarda tutilgan vazifalar barcha soha vakillarining, ayniqsa, filolog o‘qituvchilarning mas’uliyatini oshirishi tabiiy. Jumladan, konsepsiyada ustuvor vazifa sifatida belgilangan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish; ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish; davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish masalalari nafaqat filologik soha vakillariga, balki hayotimizning barcha jabhasida faoliyat yuritayotgan har bir fuqaroga tegishli ekanligi shubhasizdir.
Shu o‘rinda yon atrofimizda ko‘zga tashlanayotgan va tilimizga munosabatimizni aks ettiruvchi ayrim jihatlarga to‘xtalib o‘tishni joiz topamiz. Jumladan, „Davlat tili haqida“gi qonunning 20-moddasida „Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin“ deb belgilab qo‘yilgani holda bu bandga e’tibor qilinmayotgani Qonunga, shuningdek o‘z ona tilimizga mensimay munosabatda bo‘linayotganini ko‘rsatadi. Ayrim lavhalar, e’lonlar, ko‘rgazmali matnlarning nafaqat Qonunga zid holatda, balki savodsizlarcha yozilganligi uni o‘qigan kishini o‘yga toldiradi: bu loqaydlikmi yoki nazorasizlikmi, tilga hurmasizlikmi yoki bepisandlikmi, ta’lim-tarbiyadagi xatolikmi yoki ma’naviyatdagi bo‘shliqmi, uyasizlik, orsizlikmi yoki vijdonsizlikmi? Vaholanki, til millat ko‘zgusi-ku!
Yana bir jihat. Hozirda yurtimizda xorijiy tillarni o‘rganishga katta e’tibor qaratilyapti. Maqsad – turli tillarni o‘rganib, xorijiy davlatlarda tajriba orttirib, mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy hayotini yaxshilashda, xalqimiz hayotining farovonligini ta’minlashda, vatanimizning yuqori darajada rivojlangan davlatlar qatorida bo‘lishiga erishishda olingan bilim va tajribalarni qo‘llash. Millatparvar shoirlardan Avaz O‘tar „G’ayri tilini bilgani sa’y qiling, yoshlar, Kim ilm-u hunarlar bilonki ondin ayondur. Lozim siza har tilni biluv ona tilidek, Bilmakka oni g‘ayrat eting, foida kondur” deb bejizga aytmagan. Lekin, shuni unutmaslik kerakki, millatparvar va ma’rifatparvar adib Is’hoqxon Ibrat tili bilan aytganda: „Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsasinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir“.
Bu yil ona tilimizga Davlat tili maqomi berilganiga 34 yil to‘ldi. Bu tarixiy sana va O‘zbek tili bayrami yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 5-oktyabrdagi „O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligi hamda 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kunini vazirlik tizimida nishonlash bilan bog‘liq chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi 175-son majlis bayoni, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi yig‘ilishining 2023-yil 11-oktyabrdagi 01/08-50-son bayoni hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qomitasi raisi B.T.Norqobilovning 2023-yil 14-oktyabrdagi №03-3008 son buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida universitetimizda „Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!“ shiori ostida bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda. Ularda nafaqat talaba-yoshlarning, balki professor-o‘qituvchilarning ham faol ishtiroki ta’minlanmoqda. Jumladan, O‘zbek, rus tillari va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan “O‘zbek tili haftaligi” doirasida universitet talaba-yoshlari o‘rtasida “Til bilimdonlari” intellektual o‘yini, “Til – millat ko‘zgusi” mavzusida insholar tanlovi, “O‘zbek tilim – faxrim, iftixorim” mavzusida diktant, videorolik va chelendjlar tanlovlari, viktorinalar, shuningdek davra suhbatlari hamda uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.
Shuningdek, katta bayram tadbiri tashkil etish uchun tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in olib borilmoqda. Tadbirda turli tashkilot va oliy ta’lim muassasalaridan mehmonlar taklif etilishi rejalashtirilgan. Bunday tadbirlar talaba-yoshlar, shuningdek keng jamoa a’zolari qalbida ona tilimizga bo‘lgan mehr-muhabbat, hurmat tuyg‘ulari yanada jo‘sh urishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi degan umiddamiz. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”. Shunday ekan, har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan munosabatda bo‘lishimiz, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda befarq bo‘lmasligimiz, uning mavqyeyi va obro‘sini mustahkamlashda o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim. Zero, til bor ekan, millat barhayot.
O‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin!
O‘zbek, rus tillari va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi
Maysara Eshniyazova