TADBIRLAR

Tibbiyot insonlarni, veterinariya esa insoniyatni davolaydi



Hudaynazar Yunusov (Biologiya fanlari doktori, professor, SamDVMCHBU rektori): “ - Darhaqiqat, veterinariya va chorvachilik sohasining hayotimizdagi ahamiyati juda katta. Jabha oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash orqali inson salomatligi va jamiyat xavfsizligini muhofaza qiladi. Ya’ni aholi salomatligi bu jamiyatning eng katta boyligidir.  Kuzatishlardan ma’lum bo‘lishicha, yuqumli kasalliklarning aksariyati chorva mollarida paydo bo‘lib, odamlarga chorvachilik mahsulotlari orqali o‘tadi. Bunday holatlarning oldini olish, unga qarshi kurashish, qisqacha aytganda, veterinariya sohasini rivojlantirish shu bois ham tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Prezident va xukumatimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda bu masalaga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani alohida e’tiborga molikdir. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tashkil qilinib, veterinariya sohasida davlat boshqaruvi tubdan takomillashtirilayotgani, epizootik barqarorlik hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, tizimda uchrayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, veterinariya xizmatlari ko‘rsatish sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqilayotgani buning amaliy samarasidir!”

Qurbon Norboyev (Veterinariya fanlari doktori, professor, Ichki yuqumsiz kasalliklar kafedrasi): “ - Davlat veterinariya xizmatining asosiy vazifasi - mamlakat hududini tashqaridan infeksiya kirib kelishidan asrash, infeksion kasalliklar tarqalishini bartaraf etish, biopreparatlar sifati nazorati, oziq-ovqat mahsulotlari ustidan veterinar-sanitar nazorati hisoblanadi. Bugun davr bizdan tizimli ishlashni talab etmoqda. Faoliyat dastur asosida olib borilishi zarur. Chorva mollarining sil, brusellyoz va boshqa zooantropanoz kasalliklariga qarshi kurashish, mahsulotlar import-eksporti, biopreparatlar nazorati, veterinariya uchun dori-darmonlar va kimyoviy terapiya vositalarini tayyorlash bo‘yicha laboratoriyalar faoliyatini muvofiqlashtirish, veterinariya xizmatlari eng so‘nggi rusumdagi asbob-uskunalar, reaktivlar, dori-darmonlar, malakali mutaxassislar bilan ta’minlanishi kerak”.

Hayvonlar yuqumli kasalliklari tarqalishining oldini olib, tezkor aniqlash, tashxis qo‘yish hamda epizootik barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini monitoring qilish uchun yana qanday ishlar qilinishi kerak?Chorva hayvonlari uchun ham huddi “Shoshilinch tez tibbiy yordam” kabi tizim tashkil etiladimi? Bitiruvchilarning bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar talab darajasidami? Horijdan keltirilayotgan naslli qoramollarni iqlim sharoitiga moslashtirib, mahsuldorligini saqlash uchun nima ishlar qilinyapti? Har yili dunyo va mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya sohasida kuzatilayotgan tendensiyalar, yangiliklar, uchrayotgan xavf-xatarlar, ularning oldini olish yo‘llarini muhokama qilishga bag‘ishlangan halqaro anjumanlar o‘tkaziladimi va universitet kimlar bilan hamkorlik qiladi? Shu kunlarda hayvonlarni identifikasiya qilish va ro‘yxatga olishning takomillashtirilgan tizimini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish bo‘yicha qilinayotgan sa’y-harakatlar ham diqqatga sazovor. Bu mamlakatdagi epizootik vaziyatni har tomonlama samarali va oqilona boshqarish, oziq-ovqat xavfsizligi hamda xalq sog‘lig‘ini mustahkamlashda ayni muddaodir va hokazo.

Matbuot anjumani davomida OAV va jurnalistlarni qiziqtirgan savollar juda ko‘p bo‘ldi. Aholini nafaqat sifatli oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar bilan ta’minlash, balki mamlakatning eksport salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etuvchi tarmoqlar hususida, jumlalan qorako‘lchilik, parrandachilik, sut va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamalar markazida bo‘ldi. Respublikamizning issiq-quruq iqlimi ham veterinariya, chorvachilik va biotexnologiyalar ta’lim tizimiga ilg‘or tajribalar, innovasiyalarni jalb qilish, malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yangilashni taqozo etishi mutaxassislar tomonidan e’tirof etildi. Universitetning yil yakunlari bo‘yicha ko‘rsatkich va yutuqlari, hal etilishi lozim bo‘lgan muammolari xususida mulohazalar bayon etildi. Matbuot anjumanidan so‘ng, Ommaviy axborot vositalari vakillari press - turga taklif etilib, Universitetdagi Tashabbus markazi, o‘quv va ilmiy – laboratoriyalar faoliyati va muzey bilan tanishdilar.

Axborot xizmati