Bugungi globallashuv va raqamli iqtisodiyot davrida ilm-fan, innovatsiya va texnologiyalar davlatlarning asosiy raqobat ustunligiga aylanib bormoqda. Ayniqsa, yosh avlod vakillarining zamonaviy ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish orqali mamlakatimizning kelajakdagi taraqqiyotiga poydevor yaratilmoqda.
Joriy yilning 30-may kuni SamDVMCHBUda “Yosh olimlar, magistr va iqtidorli talabalarning ilmiy faoliyatini oshirishda ularga qaratilgan kreativ g‘oyalar, yechim va takliflar” mavzusidagi ko‘p tarmoqli Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi vakillari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, magistrantlar hamda ilm-fanga oshno iqtidorli talabalar ishtirok etishdi. Konferensiya ilm-fanning turli yo‘nalishlarini birlashtirgan, yoshlar salohiyatini ochib berishga qaratilgan yirik maydon bo‘ldi.
Tadbirni universitet rektori, professor X.B. Yunusov ochib berdi. O‘z nutqida mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, xususan, ularning ilm-fan sohasida erkin izlanishi, innovatsion g‘oyalarini amalga oshirishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida to‘xtaldi. “Yoshlarning har bir ilg‘or g‘oyasi – bu bizning ertangi kunimizning asosi. Biz ularga faqat bilim emas, balki ishonch va ilhom berishimiz zarur,” – deya ta’kidladi rektor.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Fan va ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i A.A. Safarov ham yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, ularni fundamental va amaliy izlanishlarga jalb etish masalalariga e’tibor qaratdi.
“Bugungi kunda mamlakatimizda ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida real integratsiyani yo‘lga qo‘yish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu jarayonning bosh ishtirokchilari – bu siz, aziz yoshlar. Sizlarning yangi g‘oyalaringiz, izlanishlaringiz orqali veterinariya va chorvachilik sohalarida tub burilish yasashimiz mumkin”, – dedi A.A. Safarov o‘z nutqida.
Konferensiya davomida yosh izlanuvchilar tomonidan qator dolzarb mavzular yoritilgan ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi. Ular orasida veterinariya-sanitariya nazorati, genetik seleksiya, ekologik xavfsizlik, oziq-ovqat biotexnologiyasi, mikrobial tahlillar, hayvonlar salomatligini saqlashda zamonaviy usullar, sun’iy intellekt asosidagi diagnostika tizimlari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha taklif va g‘oyalar ilgari surildi.
Qizg‘in muhokamalar, fikrlar almashinuvi, savol-javoblar ilmiy-tadqiqot faoliyatining faqat nazariy emas, balki amaliy natijadorlikka yo‘naltirilganini namoyon etdi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar, yangi ilmiy ishlanmalar yuzasidan aniq xulosalar chiqarildi. Eng asosiysi, konferensiya yoshlarni yanada faol izlanishga, ilmiy tafakkurni chuqurlashtirishga, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga undaydigan samimiy va ilhomlantiruvchi muhitni yaratdi.
Shubhasiz, bu kabi ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat yangi ilmiy g‘oyalarning shakllanishiga, balki yoshlarning intellektual salohiyatini mustahkamlashga, innovatsion taraqqiyotga zamin yaratishga xizmat qiladi. Eng muhimi, yoshlarning iste’dodiga ishonch, ularning intellektual salohiyatiga tayangan holda barpo etilayotgan kelajak – bugungi kunimizning eng muhim strategik vazifalaridan biridir.