“Parazitar kasalliklar profilaktikasi, ularni davolashda innovasion yondashuv”
Samarqand davlat
veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida
bo‘lib o‘tgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyada shu mavzu yuzasidan
fikrlar bildirildi.
Konferensiyani kirish so‘zi bilan ochib bergan universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov parazitar kasalliklarni davolash va tashxislash bo‘yicha yurtimizda olib borilayotgan ishlar, jumladan, bu borada universitetda to‘plangan boy tajriba haqida so‘z yuritdi. Shu bilan birga ushbu jarayonda zamonaviy tibbiy jihoz va yuqori texnologik uskunalardan foydalanishning ahamiyati haqida fikr bildirib, bu borada olib borilayotgan barcha amaliy ishlar xalqimizni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash yo‘lidagi ilmiy-amaliy ishlar ekanligi ta’kidladi.
Shuningdek, konferensiyada Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Boshqarma boshlig‘i Alisher Safarov mavzuning dolzarbligi va zarurati haqida fikr bildirib, dunyoda parazitar kasalliklar keng tarqalgan bo‘lib, sog‘liqni saqlash tizimi sohasida dolzarb muammolardan biri hisoblanishi, JSSTning ma’lumotlariga ko‘ra, yer yuzi aholisining 24 foizdan ko‘prog‘i parazitar kasalliklar bilan zararlangan bo‘lib, parazitar kasalliklar nafaqat rivojlanayotgan davlatlarda, balki rivojlangan davlatlarda ham tez-tez uchrashi holatlari qayd etilayotgani, bu borada Qo‘mita hamda universitet jamoasi tomonidan olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlarni e’tirof etgan holda, konferensiya ishiga omad tiladi.
Konferensiyada Belarus Respublikasi Vitebsk davlat hurmat belgisi ordenli veterinariya medisinasi Akademiyasi rektori Nikolay Ivanovich Gavrichenko, Tojikiston Texnika universitetidan M.S.Osimi, Veterinariya ilmiy tadqiqot instituti direktori, v.f.d., professor Bozorboy Elmurodovlar mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, hayvonlardan insonlarga ko‘plab kasalliklar yuqishi, hatto o‘lim xavfini yuzaga keltiradigan kasalliklar borki, bu ayniqsa, chorva bilan shug‘ullanadigan insonlar sog‘ligi va hayoti uchun yanada xavfliligi, shu bois ham chorva mollarining sog‘lomligini ta’minlash borasidagi choralarni o‘z vaqtida ko‘rish, shu orqali ham hayvonlar, ham insonlar salomatligini asrash muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, konferensiyada bu jihatlarga e’tibor qaratilayotgani muhim ekanligini aytib o‘tishdi.
Konferensiya “Hayvonlarning parazitar kasalliklarini davolash va oldini olishning zamonaviy usullari”, “Parazitar kasalliklarni qo‘zg‘atuvchilarning biologiyasi va ekalogiyasi”, “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda veterinariya parazitologiyasining o‘rni” va “”Veterinariya va chorvachilik sohalarini innovasion rivojlanishida biologik fanlarning ahamiyati” mavzularida shoʻbalarga bo‘lingan holda davom ettirdi.