WEB SAYT MA'LUMOTLARI YANGILANAYOTGANlIGI SABABLI TEST REJIMIDA ISHLAMOQDA.

OLIMA AYOLLAR - MILLAT KELAJAGINING TARBIYACHISI


Ayol — jamiyat koʻzgusi, millat tarbiyachisi. Uning mehr-muhabbati kelajagimiz egalarining jonajon Vatanimiz ravnaqi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi yoʻlida sadoqat bilan xizmat qiladigan barkamol insonlar sifatida voyaga yetishida muhim omil hisoblanadi.

11-fevral "Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar kuni" munosabati bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Agrotexnologiya fakulteti Xotin-qizlar masalalari bo'yicha dekan o'rinbosari G.Otayarova tashabbusi bilan ilm-fan sohasida uzoq yillar mobaynida faoliyat olib borgan yoshi ulug' ustozlar va talaba-qizlar bilan “Olima ayollar - millat kelajagining tarbiyachisi” mavzusida davra suhbati o'tkazildi.

Mazkur uchrashuvda Sobiq meva sabzavotchilik va uzumchilik kafedrasi mudiri, q.x.f.n., dotsent Narziyeva Solixa Xayriyevna, Agrotexnologiya fakulteti katta o'qituvchisi Bekmurodova Xurshida Karimovna, Dotsent Mo'minova Zulfiya Kamilovna, katta o'qituvchi Kosimova Shaxnoza Jabbarkulovna, assistent Kaxramanova Farida Adilovnalar ishtirok etishdi.

Unda bugungi kunda jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratishda xotin-qizlarning faolligini qo‘llab-quvvatlash, farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirishda jamoatchilikka, eng avvalo, yoshlarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata oladigan obro‘-e’tiborli va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, faol va tashabbuskor ayollarning sa’y-harakatlarini birlashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish lozim ekanligi ta'kidlandi.

Uchrashuv davomida bugungi kunda jamiyatimizda xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar, shuningdek, olima ayol hamda professor-o‘qitivchilar o‘zlarining hayot yo‘lini, erishgan yutuqlari va olib borayotgan faoliyati haqida o‘rtoqlashdi. Uchrashuvda talaba-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Xulosa qilib aytganda, atoqli ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy: “Qizlar hammadan ko‘ra bilim olishga intilishi kerak, chunki bu bilim bilan kelajak avlodni tarbiyalaydi”, deb uqtirgani bejiz emas. Aslida ham, har qanday rivojlangan jamiyatda taraqqiyot va sivilizasiya darajasi ayolga bo‘lgan munosabat, xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlar ko‘lami hamda miqyosi bilan belgilanadi.

 

Agrotexnologiya fakulteti axborot xizmati