Ulug‘ o‘zbek shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi, olim va tarixchi, mutasavvuf va aruz ilmining nuktadoni, she’riyat mulkining sultoni deya e’tirof etilgan hazrat Alisher Navoiy nafaqat o‘z davrining, balki bugungi o‘zbek va jahon adabiyotining nodir va kam uchraydigan noyob siymolaridan biridir. G‘arbda chig‘atoy adabiyotining buyuk vakili deb qaraladigan, Sharqda “nizomi millati va d-din” (din va millatning nizomi) unvoni bilan ulug‘lanadigan, turk dunyosida “shams ul-millat” deb e’zozlangan bu buyuk adib qoldirgan merosining soni va hajmiga ko‘ragina emas, balki ularning mazmun va yuksak badiiyatiga ko‘ra ham tengsiz iste’dod sohibidir. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’biri bilan aytganda, “Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir”. Darhaqiqat, qimmatbaho tosh qancha sayqallansa, shuncha jilolanganidek, alloma ijodi ham qanchalik chuqur o‘rganilsa, ma’no va badiiyat qirralari shunchalik joziba kasb etib, o‘quvchi diqqatini o‘ziga jalb eta boradi. Hazrat Navoiyning ijod olamiga g‘avvos bo‘lib sho‘ng‘igan har qaysi kitobxon uning ulkan ma’nolar xazinasidan bahramand bo‘ladi, qalbi nozik va inja tuyg‘ularga oshno tutinadi, ko‘ngil ajib zavq va hayrat ummonida sohir manzaralarga guvoh bo‘ladi, aql-u tafakkur xayolotning cheksiz sarhadlarini kezib, haqiqat durlarini teradi. Shunday ulkan va bebaho xazinadan bahramand bo‘lish – Alisher Navoiy ijodini o‘qib-o‘rganish hamda uning asrlar osha o‘z qadrini yo‘qotmagan, umuminsoniyatga daxldor asarlari mazmun-mohiyatini chuqur anglash, uqib, tafakkur qilish bugungi kun kitobxoni oldida turgan asosiy vazifalardan biridir. Shuni hisobga olgan holda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida Alisher Navoiy hayoti va ijodi o‘rganiladi, tabdil qilinadi, tadqiq etiladi.
Bugun – 9-fevral kuni mamlakatimizning har bir go‘shasida hazrat Navoiy tavalludining 582 yilligi keng nishonlanmoqda. Samarqand davlar veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ham ushbu tarixiy sana munosabati bilan “She’riyat mulkining sultoni” mavzusida teatrlashtirilgan adabiy-badiiy bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitet rektori Xudoynazar Beknazarovich Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbir so‘ngida universitetda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A.Q.Gapparov so‘zga chiqib, Husayn Boyqaro ta'rifi bilan aytganda: "turk tilining o‘lgan jasadig‘a Masih anfosi birla hulla va harir kiydirgan" buyuk mutafakkir Hazrat Navoiy tavalludi bilan Olloh xalqimizga takalluf etgan kun barchamizga muborak bo‘lishini tilab, tadbirni yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazilishida bosh-qosh bo‘lgan tashkilotchilarga, xususan, O‘zbek, rus tillari va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchilari hamda talabalarga minnatdorchilik bildirdi.
Axborot xizmati
2023-11-06
2023-03-01
2023-03-17
2022-05-17