WEB SAYT MA'LUMOTLARI YANGILANAYOTGANlIGI SABABLI TEST REJIMIDA ISHLAMOQDA.

REKTOR TABRIGI

SIZ HAYOTIMIZNING KO‘RKI VA MEHR – MUHABBAT TIMSOLISIZ



Assalomu alaykum, qadrli opa-singillar! Hurmatli talaba-qizlarim!

 Avvalo, siz, azizlarni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Biz bu qutlug‘ bayramni doimo orziqib, katta quvonch va hayajon bilan kutamiz. Chunki bu ayyom yurtimizga yasharish va yangilanish fasli - bahorni boshlab keladi.  Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashda sizlarga, sizlarning buyuk murabbiylik fazilatlaringizga tayanamiz.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining 794 nafar professor – o‘qituvchi va ishchi xodimlarining 298 nafarini xotin – qizlar, 6248 nafar talabalarimizning 1769 nafarini qizlar tashkil etadi.

Fidoyi olimalar va yosh tadqiqotchilar, izlanuvchilar yoki ta’lim maskanining boshqa bo‘limlarida faoliyat ko‘rsatayotgan bu ayollar universitetimizning fayzi va ko‘rkidir. Ular universitet hayotiga go‘zallik va ma’no bahsh etadilar!

Yana bir narsani mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, joriy yilda universitetda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi izlanuvchilardan 25 nafari falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarini himoya qilishgan bo‘lsa, shundan 7 nafari xotin-qizlardir.

 Shuningdek, 5 nafar Davlat stipendiyasi sohiblarining 3 nafari talaba-qizlar hisoblanib, ular O‘zbekiston Respublikasi Prezidendi davlat stipendiyasi, Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi va Beruniy nomli davlat stipendiyasi sohibasi bo‘ldilar.

 Ular bilan haqli ravishda fahrlanamiz!

Aziz va muhtaram ayollarimiz, onaxonlarimiz, opa-singillarimiz!

Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

Bugun har birimiz cheksiz minnatdorlik hissi bilan Yaratganning buyuk mo‘’jizasi bo‘lgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz sha’niga eng go‘zal so‘zlarni aytishimiz tabiiydir. Biz sizlarni eng avvalo fidoyilik timsoli deb bilamiz. Mehridaryo qalbingiz, aql-zakovatingiz, sevgi va sadoqatingiz uchun sizlardan bir umr qarzdormiz

Barchangizni yana bir bor 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbdan muborakbod etaman. Doimo bahor gullariday chiroyli, go‘zal va betakror bo‘lishingizga tilakdoshman!

   BAYRAMINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!

 

  Hurmat bilan, Xudaynazar Yunusov,

 Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,

 chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor.