REKTOR TABRIGI

AYOLLAR – JAMIYAT GULTOJI



Jamiyat rivojini ayollarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Huquqiy davlat va demokratik jamiyat qurish yo‘lida ekanmiz, ularni ulug‘lash va qadrlashga, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga, xotin-qizlarning erkaklar bilan barcha sohada tengligini ta’minlashga qaratilgan milliy huquq tizimi yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun ayollarga e’tibor chinakam davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi: uning huquqiy va institusional asoslari tubdan takomillashtirildi. Ayni kunda ayollar va xotin-qizlarga berilgan imtiyoz - imkoniyatlar har qachongidan yaxshiroq desak mubolag‘a emas.
Bir so‘z bilan aytganda, ayollarning taqdiri, buguni va kelajagi uchun davlat siyosati darajasidagi yuksak e’tiborning ifodasi bo‘lgan bunday sharoitlar va imtiyozlar mamlakatimiz tarixida hali bo‘lmagan. Bugun opa-singillarimiz qalbida jo‘sh urayotgan shukronalik hissi ana shundan.
Bugun Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida jami 775 nafar professor - o‘qituvchilar, ishchi hodimlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 295 nafarini, 6 yarim ming nafardan ziyod talaba – yoshlarning 32 foizini, ya’ni 1632 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi. 
Universitetni bir oila deb, tasavvur etsak, xotin - qizlar, ayollar xonadonimiz, katta ahil jamoamizning fahri - iftihori va g‘ururidir. Ular bilan hayotimiz go‘zal, fayzli va farahbahshdir. Ular orasida mamlakatimizga taniqli bo‘lgan olima ayollarimiz, a’lochi va bilimdon talaba qizlarimiz, mehnatkash va fidoyi ishchi - hodimlarimiz borligi meni hamisha g‘ururlantiradi. Joriy yilda davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalarimizning ikki nafarini ham qizlar tashkil etadi. Ularga ko‘rsatilayotgan e’tiborning natijasi o‘laroq,  universitetimizda Magistratura bo‘limida tahsil olayotgan 16 nafar talabamizning kontrakt mablag‘lari davlat tomonidan  to‘lab berilmoqda.
Bugungi globallashuv jarayonida yosh avlodning har qanday voqea - hodisaga nisbatan faol fuqarolik pozisiyasini shakllantirish jarayonida ayollarning - xotin-qizlarning o‘rni va roli juda muhim.
Ayollar tomonidan bildirilgan har qanday ezgu g‘oya va tashabbuslar qo‘llab - quvvatlanadigan, ularga katta ishonch bilan imtiyozlar beriladigan jamiyatda yashayapmiz. Bu jamiyatda Inson qadri, uning sha’ni barcha qadriyatlardan ustundir, ayollar uchun esa bu qoidalar ikki marotaba amal qiladi.   Zero, inson qadrini ulug‘lash, avvalo, ayolga hurmat va ehtirom, moʻtabar onalarimizni e’zozlash, munis opa-singillarimizni qadrlash orqali ro‘yobga chiqadi, desak mubolag‘a emas.
Fursatdan foydalanib, Siz azizlarni bayram bilan muborakbod etaman. 
Hayot qo‘llaringizni Ilm hamisha yoritib tursin! 
Zero Siz tarqatayotgan ziyo butun jamiyatni, qolaversa, butun dunyoni nurafshon etadi. 
Oilangizga tinchlik – xotirjamlik, qut va baraka tilayman!

BAYRAMINGIZ MUBORAK, AZIZ AYOLLAR!

Kamoli ehtirom bilan,  Xudaynazar Yunusov Biologiya fanlari, doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador, SamDVMCHBU rektori