TADBIRLAR

MEGA LOYIHA NIMA, MAQSAD, VAZIFALARI QANDAY?



Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Oʻzbekistonda veterinariya, biotexnologiya va chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun kadrlarni intensiv tayyorlash ilmiy biznes inkubatori” mega loyihasiga start berilgan edi. Ushbu loyiha ilmiy kadrlar yetishtirishning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish, ilmiy izlanishlarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish, talabalar amaliyotini tashkil etish hamda toʻliq oʻz-oʻzini moliyalashtirish mexanizimini yaratish maqsadida barcha imkoniyatlarni oʻzida mujassamlashtirgan. Ushbu loyiha doirasida zamonaviy tajriba vivariya klinikasi, oʻquv va ilmiy laboratoriyalar bazasi shakllantiriladi. Ular ilgʻor texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlanadi va veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot sohalarida kadrlarni intensiv tayyorlash orqali yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi. Asosiysi, ilmiy salohiyat keskin koʻtariladi hamda bakalavr, magistr talabalari dars jarayonlarida toʻliq foydalaniladi, natijada innovatsion fan-taʼlim, ilm va ishlab chiqarish uzviy bogʻliqligi taʼminlanadi. Loyihaning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda veterinariya, biotexnologiya va chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun kadrlarni intensiv tayyorlash, ilmiy biznes inkubatorini tashkil etish hamda innovatsion gʻoyalar asosida yangi uslub-vositalarini ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etishdan iborat. Loyihaning asosiy vazifalari esa, tashkilotlar va aholiga xizmat koʻrsatadigan zamonaviy ilmiy innovatsion markaz tashkil etilib, veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya va agroiqtisodiyot sohalarida faoliyat olib borayotgan izlanuvchilarni jalb qilish, ilmiy kadrlar tadqiqotlari natijalaridan olingan ishlanma va ilmiy yangiliklarni ishlab chiqarish amaliyotiga joriy etish, buyurtmachilar bilan manfaatli hamkorliklar oʻrnatish, respublikaning qishloq xoʻjalik klasterlari uchun yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash hamda universitetning moliyaviy mustaqilligini bosqichma-bosqich taʼminlab, ilmiy salohiyat keskin koʻtarishdan iboratdir. Olingan tadqiqot natijalariga intellektual mulk obyektlari uchun tegishli hujjatlar olinishi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi roʻyxati va Web of Science hamda Scopus maʼlumotlar bazasida indeksatsiyalangan jurnallarda chop etiladi. Universitetning Nukus va Toshkent filiallari uchun veterinariya va chorvachilik sohalari boʻyicha yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlab berish, ilmiy kadrlarni ilmiy tadqiqotlari natijalari boʻyicha olingan ishlanma va ilmiy yangiliklari Respublikaning veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya hamda agrotexnologiya sohalari boʻyicha ishlab chiqarish amaliyotiga joriy etish, yuqumsiz va invazion kasalliklarga tezkor diagnoz qoʻyishni tashkil etish va ushbu kasalliklarni oldini olish va davolashning zamonaviy, samarali usullarini ishlab chiqish, hayvonot va oʻsimliklar dunyosidan olinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini doimiy nazorat qilish orqali insonlar uchun xavf tugʻdiruvchi omillarni yuqori aniqlikda ilmiy tahlil qilish va amaliyotga ilmiy asoslangan holda tavsiyalar berish orqali koʻzlangan natijalarga erishiladi.

(Oʻzbekistonda yirik kompaniyalaridan “PureMilky Works” tabiiy sut va yogʻ mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonadagi seminar-treningdan lavhalar)

Loyihada bugungi kunda 46 nafar ilmiy jamoadan tashkil topgan boʻlib, jumladan 40 yoshgacha boʻlgan ijrochilar 33 nafar, 45 yoshgacha boʻlgan ijrochilar 8 nafar, 60 yoshgacha boʻlgan 5 nafar mustaqil izlanuvchilar, magistr va talabalar 14 tadan ortiq hayvon turlari ustida oʻz ilmiy - tadqiqot ishlarini olib borishmoqda. Bugungi kunda loyiha aʼzolari tomonidan, 6 oy davomida olib borilgan ilmiy tadqiqot tajribalarini 7 marotaba aprobatsiyadan oʻtkazilib, ilmiy tadqiqot natijalarini Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy-texnika maʼlumotlar bazalarida indekslanuvchi jurnallarda nashr etilgan maqolalar soni 2 ta, yuqori impakt faktorli jurnallarda 25 ta, OAK roʻyxatidagi respublika ilmiy jurnallarida 86 ta, xorijiy ilmiy jurnallarda 24 ta, xalqaro konferetsiyalarda 18 ta va respublika ilmiy-amaliy konferensiyalarida 42 ta maqolalar, 2 ta tavsiyanoma, 1 ta monografiya chop etildi va 6 ta guvohnomalar olindi. Loyiha ishtirokchilarining Scopus, Web of Science va google scholar xalqaro ilmiy-texnika maʼlumotlar bazalarida “Xirsh” indeksi (h-indeks) koʻrsatkichi 5 va undan yuqori boʻlgan ishtirokchilar soni 7 tani tashkil etadi. Bundan tashqari 12 ta xoʻjalik shartnomalari hisobiga jalb etiladigan byudjetdan tashqari mablagʻlar 24 mln. soʻmni tashkil etib, universitet moddiy texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Yuqori malakali kadrlarni tayyorlash uchun loyiha ishtirokchilaridan 5 nafari dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi oliy taʼlim muassasalarida Turkiya davlatining “Dokuz Yeylul universiteti”, Qozogʻiston davlatining “Qozoq milliy agrar tadqiqotlar universiteti” va “Muxtor Avezov nomidagi Qozogʻiston universitet” larida hamda ilmiy tadqiqot institutlarida qisqa muddatli malaka va stajirovka oʻtab kelishdi. Mega loyiha doirasida 1 ta startap loyihalar shakllantirildi hamda viloyat tanlovlariga tavsiya etildi. Tavsiya etilgan loyihaning umumiy qiymati 50 mln. coʻmni tashkil qiladi. Loyiha ishtirokchilardan 1 nafari Xudoyqulov Islomjon Abdurahmon oʻgʻli 2023-2024 oʻquv yili uchun taʼsis etilgan Beruniy nomli davlat stipendiyasi sohibi boʻlishdi. Loyiha natijasida 24 nafar veterinariya fanlari, 2 nafar qishloq xoʻjalik fanlari, 4 nafar biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) va 9 nafar veterinariya fanlari, 4 nafar qishloq xoʻjalik fanlari hamda 3 nafar biologiya fanlari doktori (DSc) kabi respublikaning qishloq xoʻjalik klasterlari uchun yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlanadi.

(Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumaninig “Dehqonobod davlat oʻrmon xoʻjaligi” Koʻksoy echkichilik xoʻjaligidagi tadqiqot jarayonlaridan)

Umuman olganda, mazkur mega loyiha va undan kutilayotgan natijalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022–2026-yillarga moʻljallangan dastur”ning maqsadli parametrlari va asosiy yoʻnalishlari - aholini chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash hamda chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu sohada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga oid davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlashga xizmat qiladi. Asosiysi, mega loyihadan koʻzlangan maqsad, global masalalardan boʻlgan oziq–ovqat havfsizligi, chorvachilik va biotexnologiya sohalari boʻyicha mutaxassis – yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, shuningdek, chorvachilik sohasida sifat nazoratini kuchaytirish, eksportga yoʻnaltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, chorvachilik va veterinariya sohasida infratuzilma xizmatlarini oʻz ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda rivojlantirish kabi eng ustuvor tamoyillarni amalga oshirishda ilmiy – tadqiqot ishlarini xolis tajriba va sinovdan oʻtkazishdn iboratdir.

Xudaynazar Yunusov,

biologiya fanlari doktori, professor,

"Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan chorvador" faxriy unvoni sohibi,

SamDVMCHBU rektori.