Xalqimiz tarix zarvaraqlari ayni kunlarda yana bir muhim siyosiy, ijtimoiy voqea - konstitusion islohotlar jarayonini o‘z sahifalariga muhrlaydi. Bu kun shunisi bilan muhimki, yangi tahrirda qabul qilinayotgan Asosiy Qonunimiz - Davlat Konstitusiyasi mamlakatimiz kelajagi - xalqimiz taqdirini belgilaydi. Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida shu munosabat bilan Targ‘ibot Forumi tashkil etildi. Yangi tahrirdagi Konstitusiya O‘zbekiston jamiyatining evolyusion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir. Bu haqida universitet rektori, professor Yunusov o‘z ma’ruzasida alohida ta’kidlab o‘tdi. Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligi, takliflarning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olganligi qayd etildi. Shu ma’noda yangilanayotgan Konstitusiya tom ma’noda xalq Konstitusiyasi bo‘layotganligi e’tirof etildi.
" Konstitusiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitusiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda, Konstitusiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni amaldagi Konstitusiyamiz 65 foizga yangilanmoqda". Yig‘ilishda Konstitusiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgarishlarning har biri bo‘yicha ma’ruzachilar tomonidan to‘xtalib o‘tildi, fikr - mulozimlar almashildi.
Seminarda ta’kidlanganidek, aholidan kelib tushgan takliflarning qariyb 20 foizi, ya’ni 18 mingtasi aynan parlamentni isloh qilish bilan bog‘liqdir. Shundan kelib chiqib, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, xalq vakillik organi bo‘lmish parlamentning rolini va o‘rnini, mas’uliyatini oshirish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, umuman mamlakatimizda parlamentarizm, xalq hokimiyatchiligini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator normalar loyihaga kiritilgan.
Yangilanayotgan Konstitusiyamizda xalqimizning 60%dan ortig‘ini tashkil qiluvchi yoshlarga berilayotgan e’tibor professor - o‘qituvchilar, yoshlar tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olindi. Yoshlarning ta’lim olishi, uy-joyli bo‘lishi, tibbiy va ijtimoiy himoyasi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish davlatning konstitusiyaviy majburiyati ekani belgilangani, Bosh qomusimizda yoshlar uchun alohida bob ajratilgani, shuningdek mazkur bobda davlatning majburiyati sifatida yoshlarni himoya qilish, ularning huquqlarini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish bo‘lsa, ota-onalarning majburiyati sifatida esa farzandlari voyaga yetguniga qadar nafaqat boqish va tarbiyalash, balki ularning ta’lim olishi, sog‘lom va har tomonlama kamol topishi uchun g‘amxo‘rlik qilishi belgilangani muhokama qilindi. Bu esa o‘z navbatida yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish hamda hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun imkoniyat yaratadi.
Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi taqdim etilishi, umuman Konstitusiyamizga ushbu normaning kiritilishi professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv jarayonidagi mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilishi e’tirof etildi.
Seminarda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Tursagatov o‘z ma’ruzasi bilan ZOOM dasturi orqali ishtirok etdi. Shuningdek, Nukus va Toshkent filiallari jamoasi, texnikumlar va universitet qoshidagi akademik lisey mas’ullari ham masofaviy tarzda ishtirok etishib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
30 aprel - Umumxalq Referendumi kuni yuqorida ta’kidlangan fikrlar o‘z isbotini topadi va xalqimiz o‘z hohish - irodasini namoyon etadi.
Axborot xizmati
2023-11-06
2023-03-01
2023-03-17
2022-05-17